Google kompaniyasiga dasturchi bo’lib ishga kirish xaritasi

Google kompaniyasiga dasturchi bo’lib ishga kirish xaritasi

Ushbu maqolada o’zimning Google gacha bo’lgan safarim haqida yozganman. Lekin bu uzoq va qimmat yo’l bo’lgan deb bilaman. Quyidagi tavsiyalar bilan siz balki bundan ko’ra tezroq va osonroq yo’lni tanlashingiz mumkin.

Keling unda Google gacha bo’lgan yo’l xaritasini qadamma-qadam ko’rib chiqaylik:

  1. Ingliz tilini o’rganish. Birinchi navbatda ingliz tilini o’rganish maqsadga muvofiq. Chunki eng zo’r adabiyotlar, kurslar, dokumentatsiyalar ingliz tilida. Undan tashqari ingliz tilida rasmiy so’zlashuv, yozish ko’nikmalarini shakllantirish ishda juda muhim. Quyida tavsiya etiladigan fanlarni aynan ingliz tilida o’rganishingizni maslahat beraman.

  2. Dasturlashni o’rganish. Ko’pincha qaysi dasturlash tilini o’rganganim ma’qul deb savol berishadi. Aslida buning ahamiyati yo’q. IT bozorida eng ko’p qo’llaniladigan biror zamonaviy dasturlash tilini (Python, Java, C#, C/C++, PHP, JavaScript, Scala, Kotlin, Dart va hkz.) mukammal o’rganish yetarli. Asosiysi dasturlash mantig’ini to’g’ri tushunish, dasturlashga oid konsepsiyalarni yaxshi o’zlashtirish kerak bo’ladi. Obyektga yo’naltirilgan dasturlash asoslari, SOLID dizayn prinsplari, loyihalash shablonlari (software design patterns)ni ham o’qish kerak.
    Buning uchun biror Oliy O’quv Yurti (OO’Y)da o’qish shart emas. Biror o’quv kursi, bootcamp da o’qib, biror yerda amaliyot o’tash vaqtingizni tejaydi. Albatta OO’Yning ham o’ziga yarasha foydasi, gashti, boshqa sohalarda o’rni bor, lekin aynan dasturchi bo’lish uchun bu talab emas. Agar ayni damda institutda o’qiyotgan bo’lsangiz o’qishingizni davom ettiravering, dasturlash bo’yicha qo’shimcha kurslarda ham o’qing. Mustaqil proyektlar qiling, Open Source proyektlarida qatnashing.

  3. Algoritm, ma’lumotlar strukturasini o’rganish. Dasturchilar kundalik ishida algoritmlar ko’p ham kerak bo’lavermaydi, lekin kelajakda ko’p eshiklarni ochib beradi. Agar ushbu fanlarni maktab yoki universitetda kuchli o’zlashtirib, xalqaro dasturlash musobaqalarida qatnashsangiz va oliy o’rinlarni egallasangiz, manzilingizga siz o’ylaganingizdan ham ertaroq va osonroq yetishasiz. Yuqori 3ta o’rin egalari nafaqat mo’maygina pul mukofoti olishadi, balki kelajakda dunyoning eng kuchli IT kompaniyalarida ishlash imkoniyatini qo’lga kiritadi. Hech qanday intervyularsiz, kompaniyalarni o’zi sizni ishga taklif qiladi.
    Bunday yutuqqa erisha olmagan taqdiringizda ham, Google kabi mashhur IT kompaniyalariga ishga kirish intervyularida asosan ushbu bilim ko’nikmalar asosiy rol o’ynaydi. Bularsiz Google yoki boshqa gigant kompaniyalarga dasturchi bo’lib ishga kirish katta ehtimollik bilan imkonsiz.

  4. System design. O’zbekchaga tarjima qilib o’tirmadim, ma’nosi ko’pchilikka tushunarli bo’lsa kerak. Google (va boshqa gigant IT kompaniyalari)ga ishga kirish intervyularining bir qismi shu mavzuda bo’ladi. Bunda sizdan biror bir sistemani dizayn qilib berish so’raladi, aytaylik siz instagramni qanday dizayn qilasiz? Sistema qanaqa komponentalardan iborat bo’ladi, ular o’rtasidagi o’zara aloqa qanday amalga oshiriladi, Big Data (katta miqdordagi ma’lumotlar) bilan ishlagandagi muammolar qanday hal qilinadi va hkz masalalarni ko’rib chiqishingiz kerak bo’ladi. Pastroqda bu bo’yicha materiallar tavsiya qilingan.

  5. Xorijga chiqish. Google ga ishga kirish uchun xorijga chiqish kerak bo’ladi, chunki hozircha O’zbekistondan turib Google da ishlashning imkoni yo’q. Chet elga, xususan Amerikaga chiqishning men bilgan quyidagi yo’llari bor:
    a. Green Card. Deyarli hamma biladigan green card lotareyasi eng oson va shu bilan birgalikda, ehtimolligi eng past bo’lgan variant. Bu sizga Ameirkada doimiy istiqomat qilish vizasini beradi, hamda viza muammosi osongina hal bo’ladi.
    b. O’qishga kirish. Eng ishonchli, lekin qiyin va qimmat yo’li bu o’qishga kelish, u xoh bakalavr, xoh magistratura, xoh PhD — aspirantura bo’lsin. Meni o’zim magistrlik diplomim bo’la turib, Amerikaga kelish uchun hatto PhD o’qishini tashlab ikkinchi magistrlikda o’qidim, cho’ntagimdan 40ming AQSH dollari to’ladim va qo’shimcha 1 yil o’qishga vaqt sarfladim: https://kapital.uz/dengi-injener-programmist-google
    Undan
    tashqari O’zbekistonda universitetda o’qib, o’qishini qolganini Amerikada davom ettirishi ham mumkin.
    O’qish bilan Amerikaga kelganlarga F1 student vizasi beriladi. O’qish tugashiga yaqin Google da internship(amaliyot)ga ishga kirishingiz mumkin.
    Lekin Google ga ishga kirish uchun diplomga ega bo’lish shart EMAS! Ha, universitetda o’qimay turib ham Google ga ishga kirsangiz bo’ladi. Lekin yetarlicha bilim va tajribaga ega bo’lishingiz kerak.
    c. Ishchi viza bilan kelish. Ba’zi kompaniyalar Amerikaga ishga kelish uchun sizga viza qilib berishi mumkin, masalan EPAM: https://habr.com/en/post/570060/?fbclid=IwAR0wXUcWdOo0Ayq4vz7SIgJrPU0GDNKIAqs7lne0bWRNKoUjE85hLyRSDR8
    Qanchadir
    vaqt kompaniyada ishlab Green Card vizasini olganingizdan keyin Google ga ishga topshirishingiz mumkin.
    d. Google ning Amerikadan boshqa ofisi bor davlatga borish. Google ga ishga kirish uchun faqat Amerikaga kelish shart emas. Juda ko’p davlatlarda Google ning ofislari mavjud, masalan Rossiya, Malayziya, Turkiya, Kanada, Yevropaning ko’p davlatlari. Mana shu davlatlarning biriga borishning osonroq yo’li bo’lsa, avval o’sha yerga borib Google ga ishga kirish, undan keyin Amerikaga ishni ko’chirish ham mumkin.

  6. Ishga kirish intervyulariga tayyorlanish. Boshida aytib o’tilgandek, ingliz tili, algoritm va ma’lumotlar strukturasi, system design kabi bilimlarni yaxshilab o’zalshtirish kerak. Ingliz tilida tekin kurslar juda ham ko’p. Lekin aynan ishga kirish intervyulariga yo’naltirilgan pullik kurslari ham borki, ular bilan tezroq va samaraliroq tayyorlanish mumkin. O’zim foydali deb topgan ba’zi kurslarni keltirib o’taman.
    a. Algoritm va ma’lumotlar strukturasi.
    – Boshlang’ich bilimlar uchun, tekin kurs (pullik kurs ham yaxshi, lekin undan ko’ra yaxshiroq kurslar ham bor) https://www.interviewcake.com/
    Boshlang’ichlar uchun pullik, matnli kurs: https://www.educative.io/courses/visual-introduction-to-algorithms
    Boshlang’ich bilimlarga ega bo’lganlar uchun, pullik matnli kurs: https://www.educative.io/courses/grokking-the-coding-interview
    Pullik video dars: https://www.algoexpert.io/product
    b
    . System Design. – Pullik matnli kurs: https://www.educative.io/courses/grokking-the-system-design-interview
    Pullik video kurs: https://www.algoexpert.io/systems/product
    Yuqorida
    asosan ikkita kurs materiallarini taklif qildim. Video kurslarni ma’qul ko’ruvchilar algoexpert.io, matnli kurslarni afzal ko’radiganlar esa educative.io saytining bir yillik obunasini sotib olishini tavsiya qilaman. educative.io ga obuna bo’lishning qo’shimcha afzalligi, u yerda boshqa bir necha mavzularda kurslar bor, dasturlash tillari, AI/ML, Databases, ishga kirish intervyulariga tayyorlanish va hkz. educative.io ning bir yillik obunasi $199, ichida barcha kurslar bilan. algoexpert.io niki esa $99 algoritm va ma’lumotlar strukturasi uchun, $79 system design uchun. educative biroz qimmat bo’lsa-da, ichida boshqa bir qancha mavzularda foydali kurslar bor.
    Bu albatta men foydali deb topgan kurslar, bundan boshqa yaxshi kurslar ham bo’lishi mumkin, balki hatto tekin kurslar ham. Lekin $200 lik kurs sizga qancha foyda olib kelishi mumkinligini tasavvur qilib ko’ring. Sifatli narsalar odatda qimmat bo’ladi.
    Ushbu fanlarni chuqur o’zlashtirganingizdan keyin amaliyotni kuchaytiring. O’rgangan bilimlaringizni amalda sinab ko’rib, tezlikni oshirishga harakat qiling. Buning uchun eng zo’r platforma leetcode.com. Masalalar qiyinlik darajasiga ko’ra Easy (oson), Medium (o’rtacha) va Hard (qiyin) bo’ladi. Asosan medium savollarni yechishga harakat qiling, vaqtingiz yetsa qiyin savollarni ham yechib ko’rsangiz bo’ladi, lekin odatda bu kabi masalalar intervyuda ko’p ham uchramaydi. Masalani avval qog’oz yoki doskada ishlab, xatolarini qo’lda topishga harakat qilib ko’ring. Javobga ishonchingiz komil bo’lgandagina leetcode saytiga yozib, testdan o’tkazib ko’ring. Masalani javobini ko’rishga shoshilmang, avval o’zingiz harakat qilib ko’ring. Undan keyin javobga qarab o’zingizni javobingiz bilan solishtirib ko’ring. Ba’zi masalalarning bir nechta yechimi bo’ladi, nima uchun biri ikkinchisidan ko’ra yaxshiroq ekanligini tahlil qiling. Agar masalaning javobi maqola sifatida keltirilmagan bo’lsa, muhokama bo’limida boshqalarning yechimini ko’rishingiz mumkin. Imkon qadar turli mavzulardagi masalalarni yechishga harakat qiling. Ba’zilar eng ko’raladigan 100, 150 ta masalalar ro’yxatini tuzib chiqishgan, o’sha ro’yxat bo’yicha mashhur savollarni ham ishlab, o’rganib chiqsangiz bo’ladi.
    Yetarlicha tayyorlanganingizdan so’ng, endi mock (soxta) intervyu qilib ko’ring. Buning uchun pramp.com saytidan ro’yxatdan o’ting, bu tekin platforma. Unda siz algoritm, system design, komandaga loyiqligingizni tekshiruvchi behavioral savollar bo’yicha mock intervyu qilib ko’rishingiz mumkin. Haqiqiy intervyudan oldin albatta kamida 5–6 marta intervyu qilib ko’ring. Bu bilan fikringizni to’g’ri bayon qilib berishni, vaqtni to’g’ri taqsimlashni, muammo yechimini topa olmay qolganingizda boshqalarning yordamidan qanday foydalanishni o’rganasiz.

  7. Ishga topshirish. Intervyularga tayyor bo’lganingizdan so’ng, bir nechta kompaniyalarga bir vaqtning o’zida ishga topshiring. Bu bilan birinchidan, biror kompaniyga ishga kirib qolish ehtimolligingiz oshadi, undan tashqari bir necha intervyudan o’tib ishga taklif qilinsangiz oyligingizni oshirib olish imkoni paydo bo’ladi. Aytaylik siz bir vaqtning o’zida ham Facebook, ham Google kompaniyalariga ishga taklif qilindingiz. Ikkisi bilan ham savdolashishingiz mumkin bo’ladi, xuddi bozordagidek

    🙂

    Intervyu kunlarini bir biriga yaqinroq qo’ying, lekin orasida kamida bir kun dam olish uchun qoldiring. Lekin orasi juda uzoq ham bo’lib ketmasin, chunki siz intervyudan yaxshi o’tib ishga taklif qilinganingizdan so’ng odatda 1 yoki 2 hafta o’ylab ko’rishingiz uchun muhlat beriladi. Demak ularning orasi uzog’i bilan 1 hafta bo’lishi maqsadga muvofiq.

  8. Google intervyu jarayoni. Ishga kirish intervyusi Kremniy vodiysida deyarli bir xil.
    a. Avval siz ishga topshirasiz. Buni https://careers.google.com/jobs/ saytida amalga oshirishingiz mumkin. Ba’zan rekruiter o’zi sizga aloqaga chiqishi mumkin. Lekin eng samarali usul Google da ishlaydigan biror tanish orqali referral (yo’llanma) olish. Aytaylik men sizni taniyman, va sizni yaxshi nomzod sifatida Google ga taklif qilaman.
    b. Keyin rekruiter siz bilan aloqaga chiqadi. Bu jarayon inglizchada screening deb atalib, sizning qizishlaringiz, qobiliyatingiz, bilim va tajribangiz kompaniyaga to’g’ri kelishini tekshiraladi, va sizga mos ishga intervyu qilinadi.
    c. Telefon (online / virtual) intervyu. Birinchi texnik intervyu telefonda (online) bo’ladi. Bu intervyu 45 daqiqa davom etadi, va odatda sizdan bitta o’rtacha qiyinlikdagi masala yechishingiz kutiladi (ba’zi nomzodlar ikkita masala ishlasi mumkin, lekin bu kamdan kam bo’ladi). Intervyuni Google da ishlovchi dasturchi muhandis oladi. Intervyu https://coderpad.io/ yoki shunga o’xshash platformada olib boriladi, va suhbat odatda telefon orqali bo’ladi: siz kodni CoderPad da yozasiz va telefon orqali fikringizni bildirib turasiz. Ba’zan suhbat video chat orqali amalga oshirilishi ham mumkin. Intervyudan so’ng, intervyu oluvchi rekruiterga intervyu haqida hisobot berib, sizni o’tdi yoki o’tmadi deya baholaydi. Bir necha kundan keyin rekruiter sizga aloqaga chiqib intervyu natijasini e’lon qiladi. Agar muvaffaqiyatli bo’lsa, unda keyingi texnik bosqich intervyu kuni belgilanadi.
    d. Ikkinchi texnik intervyu odatda on-site (Google ofisida) bo’ladi. On-site intervyu 5ta texnik intervyudan iborat bo’lib, uning 3tasida algoritmik masalalar, bittasida system desing, va yana bittasida behavioral savollar beriladi. Tushlik vaqtida biror Google chi bilan tushlik va erkin suhbat qilish mumkin. Masala yechimini doskada yozasiz, va kirish ma’lumotlari orqali yozgan kodingizni qo’lda tekshirasiz. Lekin pandemiya vaqtida barcha intervyular online bo’lganligi bois, har bir bosqich telefon (online) intervyu kabi virtual bo’ladi. Intervyuda sizning muammoga yondashuvingiz, edge case (e’tibor bermay o’tib ketadigan holatlar)ni inobatga olishingiz, yozilgan koddagi bug (xatolar) tekshiriladi. Undan tashqari sizning muloqot qobiliyatingiz tekshiriladi. Faqatgina masalani yechishning o’zi yetarli bo’lmasligi mumkin. Suhbat davomida siz bilan ishlash qanchalik oson yoki qiyinligi ham o’rganiladi. Aytaylik bir intervyu chog’ida biror muammoga duch kelib, undan chiqib keta olmayapsiz. Shunda intervyu oluvchi sizga luqma tashlaydi va siz buni qanchalik foydalana olishingiz ham tekshiriladi.

  9. Team match. Agar ikkinchi bosqich texnik intervyudan ham muvaffaqiyatli o’tsangiz, boshqa kompaniyalardan farqli ravishda Google o’sha zahotiyoq sizni ishga olmaydi, balki sizga mos va siz mos bo’lgan komanda qidiriladi. Bu inglizchada team match deyiladi. Sizning intervyudagi natijalaringiz, ish tajribangizga qarab komandalar sizni tanlaydi. Agar biror komandaga ma’qul kelsangiz, endi sizga komanda yoqish yoqmasligini bilish uchun o’sha komanda a’zosi (odatda menijer) bilan suhbat bo’ladi. Bu erkin suhbat bo’lib, sizdan texnik savol so’ralmaydi, balki siz ham komanda haqida so’rashingiz mumkin. Bir necha komanda bilan suhbat qilib, o’zingizga ma’qulini tanlashingiz mumkin. Ba’zan esa ba’zi sabablarga ko’ra bu jarayon bir necha oylarga cho’zilib ketishi ham mumkin.

  10. Offer, oylikni savdolashish. Va nihoyat eng qizig’iga yetib keldik. O’zingizga mos komanda topilgach, rekruiter sizga ba’zi raqamlarni taklif etadi — ha bu pul miqdori. Sizga 2 yoki 3 xil raqamlar taqdim etiladi: Base salary (yillik asosiy ish haqi), stock (kompaniya ulushi, aksiya) va bonus (buni ichiga sign-in bonus, ya’ni bir marta ishga kirishda beriladigan bonus, relocation ya’ni bir joydan boshqa joyga ko’chib o’tishingiz uchun beriladigan bonus kiradi). Agar sizning qo’lingizda bosha kompaniya offer letter (ishga taklif qog’ozi) bo’lsa savdoingiz zo’r bo’ladi — o’zingizni qimmatga “sotishingiz” mumkin. Faqat Google ning o’zidangina offer bo’lsa ham savdolashishingiz mumkin. Ko’proq so’rash bilan ishingizdan ayrilib qolmaysiz. Agar intervyu natijalaringiz yuqori bo’lsa, oylik ham shunga yarasha yuqori bo’ladi. Ushbu raqamlar soliqdan oldingi pul miqdorini bildiradi, ish joyiga qarab soliqlar turlicha bo’ladi. Savdolashishdan oldin bozor narx navosini o’rgang. Ushbu saytda ish joyi, kasb turi, kompaniya, lavozim va darajasiga ko’ra oylik diapazonini bilish mumkin: https://www.levels.fyi/company/Google/salaries/Software-Engineer/ Agar siz usbhu diapazonning eng pasti yoki o’rtasida bo’lsangiz, ko’proq so’rashingiz mumkin, lekin bu sizning ish tajribangiz va intervyu natijangiz bilan aniqlanadi. Tortinmang, savdolashavering, lekin “narxingiz”dan ortig’ini so’ramang

    🙂

Yuqorida Google ga ishga kirish bo’yicha umumiy tavsiyalar berib o’tdim. Agar bularni barchasini o’zingiz qilishingizga ko’zingiz yetmasa, unda sizga yanada osonroq yo’lni taklif etaman:

1*QpIhVIKuTSEYCw5XpE3P8w

https://www.facebook.com/nodirtz/posts/10226440462705856

Outtalent sizni turli mashhur IT kompaniyalariga, shu bilan bir qataroda Google ga ishga tayyorlaydi, va faqat ishga kirsangizgina to’lov qilasiz. To’liqroq ma’lumotni ushbu saytdan oling: https://outtalent.com/

Ushbu maqolada yana nimalarni yoritishimni xohlaysiz? Savollaringizni izohda qoldiring.