LinkedIn — bu bizneslar uchun maxsus ishlab chiqilgan ijtimoiy tarmoq hisoblanib, saytning maqsadi professionallarni bir yerda jamlash, shu orqali mutaxassislardan iborat muhitni shakllantirishdir.
Bugunda kompaniyaning 875 million foydalanuvchisi bor va sayt 200dan ortiq davlatda faoliyat yuritadi.
Human Resource Management jamiyati tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, ish beruvchilarning 94 foizi ishchi yollashda aynan Linkedin ʼdan foydalanishar ekan.
Quyida chet elda ishlashni orzu qilganlar uchun Linkedin sahifangizni toʻgʻri sozlash sirlarini yozib qoldirdik:
- Batafsil maʼlumot
Oʻzingiz haqingizda toʻliqroq maʼlumot berishga harakat qiling. Qanday yutuqlarga erishgansiz, boshqalardan ajralib turadigan jihatingiz, sohangiz boʻyicha bilim va koʻnikmalaringiz ish beruvchilar uchun muhim.
- Sarlavha va profil dizayni
Tarmoqda shu darajada mutaxassislar koʻpki, ularning har biri turli usullar orqali eʼtiborni jalb qilishga harakat qiladi. Sahifangiz uchun rasm tanlashda zerikarli va bir xil uslubdagi suratlardan chetlaning. Jilmayib tushgan rasmlaringiz odamlarda yaxshi taassurot uygʻotadi.
Sarlavha — sizning qanday mutaxassis ekanligingizni koʻrsatadi. Qaysi ishda faoliyat yuritsangiz oʻsha ish boʻyicha kalit soʻzlarni kiritib ketishingiz kerak boʻladi ( Masalan: marketolog boʻlsangiz “marketer, SEO, Content writer” singari soʻzlar).
- Guruhlar
Mutaxassisligingiz boʻyicha guruhlarga aʼzo boʻling. Biror bir masaladagi oʻz fikrlaringizni kasbdoshlaringiz bilan boʻlishing, faol tarzda ijtimoiy tarmoqdan foydalaning. Bu sizga tezroq tanilishingizga yordam beradi.
- Post
Odamlar sizni sohangizdagi yetakchilardan deb bilishlarini istaysizmi? Unda sahifangizga davomiy ravishda post joylab borishni unutmang. Ayniqsa, ishdagi duch kelgan muammolaringiz va ularga qanday yechim topganingiz ular uchun qiziqarli!
- Yutuqlar
Har bir erishgan yutuqlaringiz aks etgan video, rasm, postlar ish beruvchilarning sizga boʻlgan ishonchini oshiradi. Asosiysi, bu ishlarni davomiy ravishda qiling, Qachonki, bir ishni qilishdan choʻchimasangiz, siz buni uddalay olasiz!