Kompyuterni qanday tanlash kerak? Muhim tavsiyalar

Kompyuterni qanday tanlash kerak? Muhim tavsiyalar

Kompyuterni qanday tanlash kerak va nimalarga etirbor berish haqida:

«Dasturlashni boshlamoqchiman, qanaqa kompyuter olsam bo’ladi?» deb so’rashadi ko’pchilik. Lekin negadir shu savolni juda kech berishadi. Eng yaxshi holatlarda bozorga chiqishdan 1 kun oldin, bo’lmasa o’sha kuni 1-2 soat oldin so’rab qolishadi. Bunday bo’lishi kerak emas o’zi aslida. Odamlar kompyuterni bir kun, ikki kun yoki bitta proyektga olishmaydi odatda. Shunday ekan, kamchiligi qancha kam bo’lsa va u qancha ko’zga ko’rinmasa shuncha yaxshi. Shuning uchun bu postda bir nechta tavsiyalar berib o’tmoqchiman. Gapni indallosiga o’tishdan oldin, bu postda faqat laptop (noutbuk) lar haqida so’z borishini aytib o’tishim lozim!

Dasturlash olamiga qadam qo’yayotgan yoshlarga ba’zida hayron qoladi kishi. Hali maqsadi aniq bo’lmay turib, yo’nalishini tanlamay turib, o’zini Gaming noutbuklarga uradi. Bozorga borib olib hamma ehtiyojlarini qondiradigan «universal» noutbuk so’raydi. O’ylaydiki, bir o’q bilan bir nechta quyonni uryapti. Minimal soqqa ishlatib maksimal foyda olyapti. Tizimni aldayapti, o’zicha! Lekin, o’ylab qarasa tizim uni aldab bo’lgan bo’ladi. Shuning uchun, agar maqsad aniq bo’lmasa, oddiy noutbuk olaverish kerak. Dars payti o’ynaladigan CS 1.6, CS GO, Dota 2 larni pastroq quvvatga ega bo’lgan videokartalik noutbuklar ham ko’taradi.

Hammasi nimadan boshlanadi? Albatta, siz laptopni nima maqsadda ishlatmoqchi ekanligingizdan boshlanadi. Maqsadga va cho’ntakka qarab ish tutish yaxshi natijalarga olib keladi InshaOlloh!

Quyida laptopdagi ahamiyatli qismlarni ko’rib chiqamiz. Agar sizga «dasturlashning ayni bir sohasiga qanday laptop olish kerakligi» qiziq bo’lsa postni oxiriga hech tortinmasdan o’tkazib yuboravering.

Laptop tanlashda e’tibor berilishi kerak bo’lgan jihatlarni muhimlilik darajasi bo’yicha saralab olamiz va nega ahamiyatli ekanini qisqacha ko’rib chiqamiz:

1) Ekran (Display)

2) CPU (protsessor)

3) RAM (xalq orasida Operativka ham deyiladi)

4) Batareyka

5) Material

6) Estetik ko’rinishi, og’ir yengilligi va boshqa ashqal dashqallar!

EKRAN

«Ola! Ekran eng oxirgi narsaku» deyish dasturlash bilan shug’ullanmaydigan odam uchun normal holat bo’lishi mumkin lekin bo’lajak dasturchi uchun emas! Bu o’z ko’ziga cho’p tiqish bilan barobar (to’g’ri ma’noda aytyapman!). Shu o’rinda dasturlash olamida mashhur kitobning muallifidan iqtibos keltiraman. Kitobni o’qishni tavsiya qilardimu lekin hozir boshinglarni og’ritmanglar. Oldin laptop olishimiz kerak!Indeed, the ratio of time spent reading versus writing is well over 10 to 1. We are constantly reading old code as part of the effort to write new code. …[Therefore,] making it easy to read makes it easier to write.

Robert C. Martin, Clean Code: A Handbook of Agile Software Craftsmanship

Robert C. Martinnig fikrini qisqacha qilib aytadigan bo’lsam, kodni o’qishni qulaylashtirissh uchun qilingan har qanday harakat yangi kodni yozishni shuncha osonlashtiradi.

Eng achinarlisi, bugungi kunda Malika bozorga borsangiz sizga HD (1366 x 768) ekranli laptop taklif qilishadi. To’g’ri, sotuvchi ham tikkan pulini chiqarib olishi kerak. Lekin sizdan emas. Siz bo’lajak dasturchisiz. Qayoqdagi Malikadagi sotuvchiga aldanish bu uyat!HD EKRANLI LAPTOP OLMANGLAR!!!

HD ekranning o’lchamlari 1366 x 768. Bu degani, hattoki, 14 dyuymlik laptoplarda ham, uzoq qarab turilsa, ekrandagi pixellarni ko’rish mumkin. Endi eng ommalashgan 15.6 dyuymlik laptoplarni gapirmasa ham bo’ladi. Bu esa yaxshi emas! Ko’zga zarar!

Kamida FHD (o’lchamlari 1920 x 1080) ekranli laptoplarni tanlashni tavsiya qilaman. Hozircha shu oltin standart.

CPU (protsessor)

Sotuvchilar «Oka bunga polnootsenniy protsessor qo’yilgan» deyishsa kulgim qistab ketadi. Esingizda bo’lsin, laptoplarga hozircha o’sha «polnootsenniy» deyilayotgan protsessor qo’yish IMKONSIZ (aldadim, albatta imkoni bor. Faqat biroz muddatdan so’ng Ona plata (materinka) yonib ketadi TAMOM!)!!! Chunki, uni sovutish kerak. Laptopda uzog’i ikkita kuler bo’ladi va turgan gapki yetarli darajada sovutib bera olmaydi. Haqiqiy Polnootsenniy protsessorlar Desktop PC (domashniy kompyuterlar) da bo’ladi.

Laptopga qo’yiladigan CPUlarning asosan ikki turi bor: U seriya (kam quvvatlik) va H seriya (nisbatan kuchli…roq). Misol uchun: Intel i5 8250U, AMD Ryzen 5 45ooU, AMD Ryzen 7 4800H va Intel i7 9750H. Bozordagilar ana shu H seriyani «polnootsenniy» deb olishgan negadir ¯\_(ツ)_/¯.

Bir narsa yodingizda bo’lsin, o’sha H seriya qilib beradigan ishni U seriyadagi protsessorlar ham qilib beradi. Faqat sal sekinroq (farq juda unchalik katta bo’lmaydi).

mohirdev. kompyuterni qanday tanlash kerak

https://www.notebookcheck.com/i5-10300H-vs-i5-10210U_11706_11459.247552.0.html

Ko’rib turganingizdek, ushbu benchmarkda farq bor yo’g’i 9% foiz xolos. Lekin har ikkisi uchun so’raladigan summa bir biridan 9% farq qilmaydi. Bu yerda nima maqsadda ishlatishingiz katta rol o’ynaydi.

RAM

Operativ xotira aslida ekrandan keyingi o’rinda turishi kerak edi. Chunki bugungi kunda dasturchi faqat kitob o’qib dastur tuzib yubora olmaydi. Dasturchi bo’lmoqchimisiz, Google bilan kelishing. Siz unga o’zingiz bilgan-bilmagan holda ma’lumotlaringizni berasiz, u sotadi. U esa o’z o’rnida sizga dunyo bilimlariga eshik ochib beradi. Xullas, shu Google dan qidirish uchun sizga brauzer kerak. Hozir brauzerlar ham chakana xotira talab qilmaydi. Ish jarayonida bir nechta tab ochishga to’g’ri keladi. Natijada brauzerning o’zi 1 GB dan ziyod operativ xotirani «yeb» qo’yadi (Google Chrome senga gapiryapman!). Operativ xotira yetmay qolsa nima bo’ladi? Osmon uzilib yerga tushadimi? Yo’q, albatta! Tizim ishlashda davom etishini ta’minlash maqsadida turli texnologiyalar, misol uchun swap texnologiyasi ishlatiladi (swap haqida batafsil internetdan qarab olsangiz ham bo’ladi) Lekin swap ham cheksiz emas. U ham poyoniga yetgandan so’ng. Laptop sekin ishlashni boshlaydi va qotib qoladi. Shuning uchun RAM ni zahirasi bilan olgan maqsadga muvofiq. Lekin cho’ntak yo’l bermasa na iloj, borini olaverasiz.

Batareyka

Endi mantiqni ishga solamiz. Nega laptop sotib olinadi? Nega o’zi umuman laptoplar mavjud? Bemalol ko’tarib, kerakli joyga olib borish uchun. O’sha olib borgan joyingizda o’chib qolmasligi uchun batareyka kattaroq hajmda bo’lsa o’zingizga yaxshi. Quvvatlantirgich (zaryadchik) borku deyishingiz mumkin. Lekin hamma joyda ham tok manbai bormi? iPhone 5, 6 foydalanuvchilariga o’xshab rozetka oldidan ketmay ishlasangiz unda laptopni nima keragi bor?

Hozirgi kunda, yana o’sha Malikda eng ko’p 42 Whr sig’imlik laptoplar bor. Ishlasa bo’ladi. Lekin ko’proq bo’lsa yana yaxshi. Misol uchun, o’zimning laptopimda 56 Whr lik batareyka bor. Bemalol 7-12 soat ishlatsam bo’ladi.

Negadir hamma o’zini Gaming (Igravoy) laptopga uradi. Shu o’rinda Gaming laptoplarning kamchiligi haqida qisqacha. Gaming laptoplarda odatda H seriyali protsessorlar bo’ladi. Bu protsessorlar U seriyali protsessorlarga nisbatan 2-3 barobar ko’proq quvvat talab qiladi (15 W versus 25-45 W). Lekin batareyka hajmi deyarli farq qilmaydi. Natijada Gaming laptoplar, siz xohlasangiz xohlamasangiz, bir batareykadan (100% dan 0% gacha) juda kam vaqt ishlaydi. Keyin nima qilamiz? Quvvatlantirgichni ko’tarib yurish kerak bo’ladi og’iridan ortiq qilib. Yana tok manbaini qidirib yurish kerak.

Material

«Laptoplarda ishlatilgan material ham muhim ekanda?» deyishingiz mumkin. Mening javobim, «Yuqoridagilarchalik muhim emas. Pulingiz yetsa shu jihatni ham ko’zda tuting». Hozirda laptoplarda asosan ikki xil turdagi material ishlatiladi: polycarbonate (xullas, plastik) va alyuminiy. Alyuminiydan qilingan laptoplar nisbatan chidamli, issiqlikni taqsimlashi yaxshi bo’ladi. Keyin uzoqroq muddat xizmat qiladi, agar to’p qilib tepilmasa.

Yana Gaming laptoplar haqida. Yuqorida aytganimday Gaming laptoplarga H seriyadagi protsessorlar qo’yiladi. Bu protsessorlarni, laptop ishlab chiqaruvchi (yig’uvchi) kompaniyalar (HP, Dell, Lenovo va boshqalar) ham qimmatga oladi. Narxni ushlab oshib ketishini oldini olish uchun nimadandir «qisib» qolish kerak. Iste’molchi nimaga eng kam e’tibor qaratadi? Albatta, ishlatilgan materialga. Natijada, biroz ishlatilgandan keyin yumshoq qilib aytganda «rasvo» holatga keladigan, display bilan asosiy qismini ushlab turadigan oshiq-moshiqlari sinib ketadigan Gaming laptoplar «dunyoga keladi».

Estetik zavq

Laptoplar ko’chib yurishga qulay bo’lishi kerak. Demak, qancha yengil bo’lsa shuncha yaxshi. Gaming laptoplar haqida esa bunday deb bo’lmaydi. Birgina estetik zavq beradigan narsa bu ulardagi RGB Lighting, ya’ni klaviaturaning har xil ranglar bilan jilolanib turishi.

Ha aytgancha, laptop olayotganda (oddiy, gaming emas) sotuvchidan so’rab oling. «Klaviatura yonadimi (podsvetka) yo’qmi?» deb. Juda foydali narsa.

YO’NALISHLAR BO’YICHA TAVSIYA ETILADIGAN TEXNIK XARAKTERISTIKALAR

Display o’lchami hamma uchun bitta: FHD (Full HD => 1920 x 1080). Sababi yuqorida bayon etilgan! Har bir yo’nalish uchun SSD dan foydalanish katta foyda keltiradi. Ishlash tezligi va unumdorlik ancha ortadi. Har bir yo’nalish oxirida tavsiya sifatida ba’zi bir laptoplar ko’rsatib o’tiladi. Lekin bu aynan ko’rsatilgan modelni olishingiz shart degani emas!!! Narxlarini yozmayman chunki aytilgan narxga olishingizga kafolat umuman yo’q. Axir siz Malika yoki Abu Saxiydagi sotuvchilar Hoji akalar bilan ish olib boryapsiz ;-D

1) Web Frontend Developerlar uchun:

  • CPU: Intel Core i3 yoki AMD Ryzen 3.

Kamida Intel Pentium yoki AMD Athlon, A seriyadagi protsessorlar ham bo’laveradi. Oxirgi avlod Intel Core i7 H seriya olaman deb ota-onangizga harhasha qilmang.

  • RAM: minimum 8GB, eng maqbuli 16 GB.

32 GB – «puli ko’pni qilig’i ko’p» deganidan bo’ladi. *Eslatma: 4 GB operativ xotira bilan ham ishlab yurgan odamlarni bilaman, «Pul bo’lishi bilan yana qo’shtirib olaman» deyishadi.

  • Videokarta (GPU): CPU larning o’zini ichki videokartasi (integrated GPU = iGPU) bo’ladi. Ana shu yetarli.

Nomzod:

HP Pavilion 14-ce3038ur

  • Display: 14″ (dyuym) Full HD 1920 x 1080 IPS panel

  • CPU: Intel Core™ i3 – 1005G1 (AMD Ryzen 3 lisini topsangiz, u ham yaxshi)

  • RAM: 8 GB DDR4 – 2666Mhz

  • Doimiy xotira: 256 GB SSD

HP Pavilion , kompyuterni qanday tanlash kerak

HP Pavilion 14-ce3038ur

2) Web Backend Developerlar uchun

Backend Development laptopdan ko’proq resurs talab qiladi. Chunki, Backendda, Ma’lumotlar bazasi (database) bilan ishlanadi, server ko’tarib qo’yiladi, brauzerdan, qaysidir dasturlash muhiti (IDE) dan foydalaniladi.

  • CPU: Intel Core i5 yoki AMD Ryzen 5

Kamida Intel Core i3 yoki AMD Ryzen 3. Uyog’i sizning budjetingizga bog’liq.

  • RAM: minimum 8 GB, eng maqbuli 16 GB

  • Videokarta (GPU): CPU larning o’zini ichki videokartasi (integrated GPU = iGPU) bo’ladi. Ana shu yetarli.

Nomzod:

Acer Aspire 5 A515-55-56VK

  • Display: 15.6″ (dyuym) Full HD, 1920 x 1080, IPS panel

  • CPU: Core™ i5-1035G1 (AMD Ryzen 5 lisini topsangiz, u ham yaxshi)

  • RAM: 8 GB DDR4 – 2400Mhz

  • Doimiy xotira: 256 GB SSD

Acer Aspire laptop, kompyuterni qanday tanlash kerak

Acer Aspire 5 A515-55-56VK

3) Mobile Development

  • CPU: Intel Core i5 yoki AMD Ryzen 5

Intel Core i7 yoki AMD Ryzen 7 olishni tavsiya qilaman

  • RAM: minimum 8 GB, eng maqbuli 16 GB

RAM 16 GB olishni qattiq tavsiya qilaman. Chunki Mobile Developmentda ko’pincha Emulator ishlatishga to’g’ri keladi. Emulator uchun alohida Operativ xotira ajratib berish kerak bo’ladi.

  • Videokarta (GPU): CPU larning o’zini ichki videokartasi (integrated GPU = iGPU) bo’ladi. Ana shu yetarli.

Nomzod:

HP Laptop 15s-eq1157AU

  • Display: 15.6″ (dyuym) Full HD, 1920 x 1080, IPS panel

  • CPU: AMD® Ryzen™ 7-4700U (Intel Core i7 7-avloddan yuqorisini topsangiz, u ham bo’laveradi. Lekin narxi qimmatroq bo’lishi mumkin)

  • RAM: 8 GB DDR4 – 2666Mhz

  • Doimiy xotira: 256 GB NVMe SSD

hp laptop. komyuterni qanday tanlash kerak

HP Laptop 15s-eq1157AU

*Eslatma!!!

iOS Development uchun sizga Mac mini, Macbook Air/Pro yoki Mac kerak bo’ladi.

Mobile Developmentga 16 GB operativ xotirani tavsiya qilgan edim. Lekin O’zbekiston bozorlarida 16 GB operativ xotira so’rasangiz sizga asossiz ravishda narxi oshirilgan oddiy laptop yoki Gaming laptop ko’rsatishadi. 16 GB RAM bu qandaydir hashamat belgisi emas! Shuning uchun maslahatim AQSh va Xitoy bozorlaridan tovar olib keltirishni o’rganing. Xitoyda JD Store, TaoBao degan platformalar mavjud. Faqat AliExpressdan olib keltirib o’tirmang. Bojxonada mahsulotlar narxiga cheklovlar mavjud.

4) Game Development

  • CPU: Intel Core i5 yoki AMD Ryzen 5

Intel Core i7 yoki AMD Ryzen 7 olishni tavsiya qilaman

  • RAM: minimum 8 GB, eng maqbuli 16 GB

16 GB RAM olishni qattiq tavsiya qilaman. Game Development uchun maxsus IDE lar mavjud. Bu IDE lar qolgan IDE lardan ko’p funksionalliligi bilan farq qiladi. Masalan, Game Developmentda «asset» tushunchasi bor. Ana shu assetlarni xoh u 3D model bo’lsin, xoh 2D chizma bo’lsin yasash uchun alohida dasturlardan foydalanishga to’g’ri keladi. Bu esa laptopdan juda ko’p resurs talab qiladi.

  • GPU: dedicated GPU (dGPU, diskret videokarta ham deyiladi). Nvidia MX seriya, Nvidia GTX seriya, Nvidia RTX seriya, AMD Radeon va RX seriya videokartalari kerak bo’ladi.

Endi, keling videokartalar haqida gaplashamiz. Nvidia MX seriya bu odatiy laptoplarga qo’yiladigan, nisbatan kuchsiz bo’lgan videokartalar hisoblanadi. Lekin, bu degani ular umuman hech narsa qila olmaydi degani emas. GTX seriyadagi videokartalar qila oladigan ishni MX videokartalar ham qiladi. Faqat sekinroq amalga oshiradi.

Malikadagi sotuvchilarning yana bir odatiga hayron qolaman. Haridorga tushuntira olmaydigan narsasini darrov «igravoy» deb qo’ya qoladi. Bunga haridorlarning o’zi ham aybdor. Maqsadi aniq emas. «Nima uchun ishlatasiz?» deb so’ralsa, «Ofisga, faqat dokument ochaman, ba’zida o’ynab ham turaman» deydi. Hozir bir biriga umuman qarama qarshi ikki narsani aytganidan sotuvchi shartta unga o’sha «igravoy» laptopni tavsiya qiladi.

Bir narsani tushuning, agar maqsadingiz aniq bo’lmasa, tezda eng kuchlisiga yopishmang. Ishoning, hamma vaziyat uchun universal laptop oldim, bir o’q bilan bir nechta quyonni o’ldirdim, tizimni aldadim deb o’ylaysizu, tizim sizni allaqachon aldab pulingizni olib qo’ygan bo’ladi.

Odatda, MX seriyadagi videokartalar odatiy laptoplarga qo’yiladi. Ular nisbatan ingichka va yengil bo’ladi. Gaming laptoplarga Nvidia GTX va RTX seriyadagi laptoplar qo’yiladi. Agar maqsadingiz aniq bo’lmasa, MX videokartalik laptoplardan tanlayvering. O’sha o’yingizni u ham ko’taradi.

Nomzod:

ASUS TUF GAMING FX705

  • Display: 17.3″ (dyuym) Full HD, 1920 x 1080, IPS panel

  • CPU: AMD® Ryzen™ 7-3750H (Intel Core i7 7-avloddan yuqorisini topsangiz, u ham bo’laveradi. Lekin narxi qimmatroq bo’lishi mumkin)

  • RAM: 16 GB DDR4 – 2666Mhz

  • Doimiy xotira: 512 GB NVMe SSD

  • GPU: GeForce GTX™1650 4GB/128Bit/GDDR5 NVIDIA®

ASUS TUF GAMING. mohidev. kompyuterni qanday tanlash kerak

ASUS TUF GAMING FX705

XULOSA

Xullasi kalom, laptop tanlash ham biroz e’tibor talab etadi. Unga ham vaqt ajratib, internetdan laptop turlari, modellari, xarakteristikalarini ko’rish mumkin. Bir qarorga kelganingizdan so’ng YouTubeda o’sha modelning video sharhi, boshqa modellar bilan solishtirilgan videolarini ko’rib chiqib, ana undan so’ngina bozorga borib olsangiz nur ustiga a’lo nur. Yana bir bor eslataman, siz bo’lajak dasturchisiz. Siz ana shu hardwarega kod yozasiz. Sizni bozordagi sotuvchi aldab qo’yishiga yo’l qo’ymasligingiz kerak. Buning uchun siz undan ko’p ma’lumotga ega bo’lishingiz kerak. Bo’lmasa uyat bo’ladi!

Manba: @lazerg telegram kanali