Referal, yoki ishga kirish sirlari

Referal, yoki ishga kirish sirlari

O’tgan postimda Amerikaga referal yordamida ishga kirganligim haqida yozgan edim.

Ushbu postda referal haqida to’liq ma’lumot beraman.

100% suhbatga taklif olish usuli

Kompaniyalarda ishga kirishning birinchi bosqichi bu rezyume ko’rigidan o’tish. Ushbu bosqichda juda ko’p (50% – 90%) davogarlar «chopiladi». Lekin shu bosqichdan «sakrab o’tish» siri bor, bu referal!

Referal (ingliz tilida «referral») – odamni biron bir ishga/lavozimga taklif qilish. Taklif qilingan odam to’g’ridan to’g’ri suhbatga chaqiriladi, ya’ni rezyume ko’rigidan o’tib ketadi.

Rekruterlar referal qilingan nomzodlarga ishonchliroq qarashadi. Misol keltiraman:

  • Referalsiz ~10 ta kompaniyalarga rezyume jo’natdim. Hech qaysi urinishda rekruterlar meni suhbatga chaqirishmadi. Asosiy sabab – tajriba kamligi.

  • Referal orqali bitta kompaniyaga topshirdim. Ish tajribam kamligiga qaramay, rekruter meni suhbatga taklif qildi.

Referal bonus

Agar siz ishga qabul qilinsangiz, sizni refer/maslahat qilgan odam referal bonus oladi.

Referal bonus – yaxshi xodimni maslahat qilgani (topib kelgani) uchun biron bir odamga beriladigan pul mukofot.

Bonus summasi Amerika kompaniyalarida $3 000 ~ $5 000 tashkil qiladi … voydod! Aniq summa lavozimga qarab beriladi, ya’ni refer qilingan odam qancha yuqori lavozimga ishga kirsa (junior, middle, senior…), referal bonus ham shuncha baland bo’ladi. Pastgi jadvalda bonus summalar misoli ko’rsatilgan:

Referal bonus summasi jadvali

*Ma’lumotlar kompaniya xodimlari tomonidan 2019 yil Oktyabr oyida berilgan.

Bonus olish uchun bir nechta qoida bor. Kompaniyalarga qarab qoidalar farqlanadi, lekin asosiy qoidalarga ko’ra refer qilingan odam:

  • suhbatdan muvaffaqiyatli o’tib ishga kirishi kerak;

  • yangi kompaniyada kamida 3-6 oy ishlashi kerak.

Aytgancha, bonusni tashqaridagi odamlar ham olishi mumkin. Ya’ni falonchi kompaniyada ishlamay turib, u yerga ishchilarni referal qilsa bo’ladi.

Misol:

  1. Maxsus saytlar orqali referal qilish: https://triplebyte.com/iv/QPs1wWE/cp/header

  2. Kompaniya sayti orqali referal qilish: https://www.epam.com/careers/refer-to-epam

  3. Rekruterga to’g’ridan to’g’ri yozish:

Salom Katerina,

Mening ismim Joniboy. Siz Java dasturchi izlayotgan ekansiz. Mening kuchli mutaxassis tanishim bor va u hozir ish qidirmoqda. Unga sizning kompaniyangizni maslahat qilishim mumkin. Agar suhbatdan o’tib sizlarga ishga kirsa, referal bonus qanaqa bo’ladi?

Javob uchun oldindan rahmat.

Xurmat ila, Joniboy Referalberdiyev

O’zbekistonda referal ishlaydimi?

Ehey, bu referalni o’zbeklar qadim qadim zamonda o’ylab topishganda (tanish bilish deyishadiku!). Biron bir kishini ishga / lavozimga maslahat qilish bizda odatiy hol. Bu tizimni ba’zida suiste’mol qilishadi, ba’zida esa to’g’ri ishlatishadi.

To’g’ri ishlatish misoli: Men Super Dispatch (SD)ga referal orqali kelganman. Mening akam SDda ishlaydigan do’sti bilan tanishtirgan. O’sha paytda ishga kerakli qobiliyatlarim yetarli bo’lmagani uchun meni shogirtlik (internship)ga olmagan. Bir yildan so’ng SDda ishlaydigan aka bilan qayta bog’lanib yana shogirtlikga topshirdim. So’ng SDda texnik suhbatdan o’tdim va shogirtlikni boshladim!

Referal, yoki ishga kirish sirlari, darhonbek

Super Dispatchda birinchi kunim.

Bonuschi, bonus?

O’zbekistondagi kompaniyalarda ham referal bonus tizimi bor:

  • Super Dispatch ga yaxshi Frontend-chilarni maslahat qilsangiz kofe bilan mehmon qilishadi, agar ishga ham kirsa – $100 mukofot! jobs@mysuperdispatch.com

  • MyTaxi va Express24 da Middle Node.js, yoki Senior Android dasturchilar uchun $200 referal bonus berishadi. Telegram: @oulmasov, @Shuxrat99.

  • Ba’zi kompaniyalarda referal uchun obed bilan mehmon qilishadi. Vachach!

  • Ba’zilarida esa:

rahmat

Referal qayerdan olsam bo’ladi?

  • Mana menga yozing! Yaxshi mutaxassis bo’lsangiz, sizni EPAMga refer qilaman

    😉

    Super mutaxassis bo’lsangiz, unda Super Dispatchga refer qilaman))

  • Boshqa kompaniya yoqsa marhamat – o’sha yerda ishlaydigan odamlarni Facebook / LinkedIn orqali toping va gaplashing.

  • Eng samarali usuli odam bilan yuzma yuz ko’rishish, shaxsan tanish bo’lish. Zo’r joylarda ishlaydigan super mutaxassislarni qayerda yuzma yuz uchratsa bo’ladi? Tadbirlarda! Misol: Microsoft DigiGirlz, Google I/O, DevFest, Startup weekend va hokazo. Aytgancha Toshkentda 30 Noyabrda DevFest bo’lib o’tadi. Mish mishlarga qaraganda zo’r spikerlar kelishar ekan… Ma’lumot Telegramda: @gdgtashkent.

Savol javob (FAQ)

  • Referal olsam suhbatdan o’tmasam bo’ladimi? Chuchvarani hom sanabsiz har qanday holatda suhbatdan o’tish kerak bo’ladi.

  • Agar men referal olsam va suhbatdan o’ta olmasam, yana referal olsam bo’ladimi? Xa, faqat biroz muddatdan keyin (EPAMda 3 oy, Googleda 6-12 oy).

  • Xodim bir nechta odamga referal bera oladimi? Xa.

  • Referalning narxini ko’rsatib ketibsiz, ma’lumotni qayerdan olgansiz? O’sha kompaniyalarda ishlaydigan akalardan so’radim.

  • EPAMning qaysi davlatdagi ofislariga referal qila olasiz? Butun dunyodagi ofislariga referal qila olaman (Rossiya, Belarus, Ukraina, Amerika va boshqalar). Amerikadagi ofisiga refer qilishim uchun sizda ishchi vizasi bo’lishi kerak (H1B, Green Card).

Tamom.

––––––––––––––––––––––––––––––––––––––––

Postim sizga yoqgan bo’lsa do’stlaringizga ulashing.

Evaziga sizga «yuredan rahmat aytaman

❤️

»©

Keyingi postimda Amazon bilan suhbat haqida yozganman.

Yangi postlar @TenxEngineer Telegram kanalida e’lon qilinadi.

Ko’rishguncha

😉

Muallif: Darxonbek Mamataliev