Dasturchilar Sun'iy Intellekt uchun tarjimon.

Endryu Shmelyanning “AI is a fad and programming is dead” nomli maqolasidan tarjima. 4-qism.

·

3 min read

Dasturchilar Sun'iy Intellekt uchun tarjimon.

Dasturchilar kimlar? Odamlardan “dasturchi kim” deb soʻrasangiz, koʻpincha “kod yozadigan odam” degan javobni olasiz. Bu umuman notoʻgʻri javob boʻlmasa-da, butkul toʻgʻri ham deb boʻlmaydi. Dasturchi, dasturiy taʼminot muhandisi; qanday pozitsiyada boʻlishidan qatʼiy nazar, dasturchilarni mantiq bilan shugʻullanadigan til tarjimonlari deyish mumkin.

Dasturchi sifatida sizning maqsadingiz konsepsiya, gʻoya yoki ish oqimini oʻzingiz tushunadigan tilda qabul qilish va uni kompyuter tushunadigan tilga tarjima qilishdir. Dasturlash tili noaniq bayonotlarning oldini olish va sof mantiq bilan ishlash uchun moʻljallangan.

Keling, “tugmani bosganda fonni qizil rangga oʻzgartirish” degan jumlani olaylik.

Agar siz jamoadoshlaringiz bilan muhokama paytida shu jumlani eshitsangiz, bu nimani anglatishini bemalol tushunasiz.

Ammo, tasavvur qiling, siz kompyutersiz, va sizda yetarlicha maʼlumot yoʻq. Qaysi tugma? Qanday fon? Qizil rangning qaysi tusi? Agar tugma yana bosilib ketsa nima boʻladi?

Noaniqlikni bartaraf qilish uchun “Clicky identifikatori bilan tugmani bosganda, xuddi shu tugmachaning fonini qiymati # ff0000 boʻlgan rangga oʻzgartir” degan buyruqni kiritish mumkin.

JavaScriptʼda u quyidagicha yoziladi:

document.getElementById('clicky').addEventListener('click', function() {
    this.style.backgroundColor = "#FF0000"
})

Agar siz ushbu dasturlash tili bilan tanish boʻlsangiz va sizga yuqoridagi kodni berib, u bilan nima qilish kerakligini soʻrashsa, ikkinchi misoldagidek gap bilan tushuntirishingiz mumkin.

Bu bilan siz JavaScriptʼni ona tilingizga tarjima qilgan boʻlasiz.

Dasturlashning magʻzi va mohiyati ham shunda. Aynan shu sababli sunʼiy intellekt vositalari qanchalik rivojlanmasin, dasturchilik kasbiga hali ancha vaqt ehtiyoj boʻlishiga ishonaman.

Internetda yuzlab, minglab odamlar shunday savol berishmoqda: “nega ChatGPT men aytgan kodni yaratmayapti?” Bu savolning muqarrar javobi quyidagicha:

“Siz u bilan qanday gaplashishni bilishingiz kerak.”

Xoʻsh, agar SI bilan gaplashish va har safar aniq maʼlumotlarni olish uchun maʼlum bir tildan foydalanishim kerak boʻlsa, jarayonni tabiiy tilda dasturlashtiraman. Bu yangi konsepsiya emas, shunchaki LLM taqdim etadigan kenglik va murakkablik tufayli toʻsiqlar biroz pasayadi.

Ilovani yaratish uchun ChatGPT kabi vositada aniq buyruqlarni kiritish yetarli boʻlsa ham, har safar samarali va ishonchli axborotni yaratish uchun maʼlum bir tildan foydalanishga zarurat bo’lgani bois, hanuz dasturlashda davom etasiz.

Hozirgi vaziyatdan kelib chiqadigan boʻlsak, cheklovlardan holi boʻlmagan LLM modeli bilan ilova yaratmoqchi boʻlsangiz, katta ehtimol bilan baʼzi qismlarni oʻzingiz toʻgʻrilashingizga toʻgʻri keladi. Bu hali ham dasturlash bilimlariga ehtiyoj borligini anglatadi, yaʼni model sizga qaysi til asosida kod yaratib berganini va u sizga bergan qismlarni “qayerga qoʻyish” kerakligini bilishingiz zarur.

Sunʼiy intellekt bularni ham sizning oʻrningizga oʻzi bajara oladigan darajaga yetib, bu narsalar unchalik ahamiyatga ega boʻlmay qoladi ham deylik. Masalan, siz: “Mana bu manbalarni toʻpla va ularni example.com da chop et” deysiz. Bu holatda dasturlash tili nimaga kerak? Oʻrtadagi bosqichni butunlay oʻtkazib yuborib, SIdan maʼlumotlaringiz va natijangizni bogʻlab turadigan omil sifatida foydalaning.

Shoshmang, siz hali SI haqida asosiy bilimlarni bilmaysizku? Bu xatoni tezda to’g’rilaymiz, havoladan o’tib “Data Science va Sun’iy intellekt” kurs kontenti bilan tanishing. Siz uchun foydali bo’lishi aniq!

Sun'iy intellekt seriyasidagi maqolalarning 3-qismini bu yerda o'qing.

Maqolani davomini esa bu yerda o'qishingiz mumkin.

Manba: "As is a fad and programming is dead"